TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Qatarning Ma’muriy nazorat va shaffoflik idorasi bilan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasi imzolandi, deya xabar berdi agentlik matbuot xizmati.
Shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Qatar davlatida bo‘lib turibdi.
Agentlik direktori Akmal Burxanov Qatar davlatining Ma’muriy nazorat va shaffoflik idorasi prezidenti Hamad bin Naser al-Misned bilan uchrashdi.
“Uchrashuv mobaynida o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi. Reja tomonlar o‘rtasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta’minlash hamda BMT aksilkorrupsiya standartlarini milliy amaliyotga tatbiq etishda muntazam va yaqindan tajriba almashish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar Harakatlar rejasining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi:
Korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Davlat xizmatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va faoliyat ochiqligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish;
Sport sohasida halollik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish;
Agentlikning e-antikor platformasini takomillashtirishda Qatar davlati tajribasini o‘rganish.
Muloqot yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarida ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda Qatar amiri tomonidan ta’sis etilgan “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak mukofoti”ning tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda mamlakat yetakchisi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Korrupsiyaga qarshi konvensiyani jadal amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Mintaqaviy platformaning maqsadi Platforma ishida ishtirok etuvchi mamlakatlar tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi qoidalarini yanada samarali amalga oshirishga ko‘maklashish, bu borada mintaqa mamlakatlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirishdan iborat.