Bu yil Misr O‘zbekistonga gepatitga qarshi 4,2 mln dollarlik preparatlar beradi

Misr O‘zbekistonga 2025-yilga qadar kasallikning S turiga qarshi preparatlarni beg‘araz yordam sifatida beradi.
Sputnik
TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Shu yilning o‘zida Misrdan O‘zbekistonga gepatitga qarshi 4,2 mln dollarlik preparatlar olib kelinadi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Qayd etilishicha, prezidentning gepatit S ga chalingan bemorlarni 100 foiz davolash bo‘yicha tashabbusi ijrosi doirasida dori vositalarining Misrdan kelishi 2024-yilda ham davom etadi.
Xususan, Misr hukumati tomonidan 2025-yilga qadar umumiy qiymati 4,2 million dollarlik jami 800 ming dona kasallikning S turiga qarshi "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" hamda V turiga qarshi "Entekavir" preparatlari beg‘araz yordam sifatida berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
“Hozirga qadar umumiy qiymati 696 ming dollarga teng mazkur dori vositalari mamlakatimizga bosqichma-bosqich yuborildi”, — deyiladi xabarda.
Kuni kecha Misr hukumati tomonidan insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan "Sofosbuvir-400mg" dori vositasi yetkazib berildi.
Endilikda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti 6720 donadan iborat ushbu preparatlarni shifotalab bemorlarga taqsimlaydi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Misr hukumati O‘zbekistonga insonparvarlik yordam sifatida ajratgan gepatit S ga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining o‘ninchi qismi Toshkentga olib kelingan edi. Jami 114 ta qutida 3 ming donadan ortiq dori vositalari keltirilgan.
Nima uchun gepatit S "muloyim qotil" deb ataladi — virusolog bilan intervyu