Nima uchun gepatit S "muloyim qotil" deb ataladi — virusolog bilan intervyu

© Sputnik/Anna JelixovskayaErkin Musabayev
Erkin Musabayev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.06.2023
Obuna bo‘lish
Gepatit S asoratlari jigarda 25-yil saqlanib qolishi va saraton yoki diabet keltirib chiqarishi mumkin — virusolog.
2021 yilda O‘zbekistonda virusli gepatit S (VGS)ni bartaraf etish bo‘yicha milliy dastur ishga tushirildi. Dastur maqsadi – 2030-yilgacha mamlakatda gepatit S bilan kasallanish holatlarini yo‘q qilish. O‘zbekistonga bu borada Misr virusga qarshi dori vositalari yetkazib berish orqali yordam bermoqda.
2023-2024 yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab 5 millionga yaqin odam virusli gepatit S va V turlari bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi rejalashtirilgan. 140 mingga yaqin bemor davolanadi.
VGSning xavfliligi nimada, u odatda qanday insonlarga yuqadi va qaysi hollarda kasallikni davolash qiyin – bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya instituti direktori Erkin Musabayev Sputnik muxbiriga ma’lumot berdi.
— Erkin Isakovich, virusli gepatit S ning xavfli xususiyatlari nimada?
- Bu kasallikni “muloyim qotil” deb atashlari bejiz emas, sababi – kasallik yuqqanidan 20-25 yil keyin ham bemor jigari zararlanganligi haqida bilmasligi mumkin. Jigar sirrozi boshlanishi va u saratonga aylanishi mumkin yoki boshidanoq saraton rivojlanishi mumkin. Bu esa kasallikning jiddiy asorati bo‘lib, u hech qanday klinik ko‘rinishlarsiz kechadi.
- Balkim qandaydir tashvishga soluvchi belgilari bordir?
Aniq belgilar yo‘q. Kasallikning kasallikning murakkabligi va xavfli xususiyati ham shunda. Ammo jiddiy e’tibor berish kerak bo‘lgan alomatlari mavjud – surunkali charchoq, anemiya (masalan, tirnoqlar parchalana boshlaydi), jigar yetishmovchiligi kuchayadi, xususan, bilirubin, ALT va AST ko‘rsatgichlari.
— O‘zbekistonda gepatit S bilan kasallanganlar soni qancha?
- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bemorlarning atigi 10 foizi o‘z kasalligidan xabardor, O‘zbekistonning katta yoshli aholisining qariyb 3 foizi gepatit S virusi tashuvchisi hisoblanadi. Bu 600 mingga yaqin bemorni tashkil qiladi. Biroq, 85 ming bemor davolanib tuzalgan.
- Gepatit S bilan kasallangan bemorlar qanday davolanadi? Diagnostika va davolanish pullimi?
— Virusli gepatit S davolanadi. Bugungi kunda bemorlar tashxisdan o‘tib, davlat hisobidan davolanmoqda. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari qoshida hududiy gepatologiya markazlari faoliyat yuritmoqda.
Gumanitar yordam doirasida gepatit S ni davolash uchun dori-darmonlar – “Daklatasvir” i “Sofosbuvir” Misrdan yuboriladi.
Ayni paytda biz bemorlarni faol ravishda qabul qilmoqdamiz va ikkala dori ham keltirilgandan so‘ng, ularni hududlar bo‘yicha tarqatishni boshlaymiz.
Davolash uch oy davomida bir vaqtning o‘zida ikkita preparatni qabul qilishdan iborat. Kasalxonaga joylashishga hojat yo‘q. Nojo‘ya ta’sirlari deyarli yo‘q. 95-96% bemorlar davolanganidan so‘ng tuzaladi.
- Qanday holatlarda gepatit S ni davolash qiyin?
— Kechiktirilgan bosqichida yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta kasalliklar bo‘lsa. Masalan, ortiqcha vazn va diabet bo‘lishi mumkin. Aytgancha, gepatit S ning o‘zi qandli diabet kasalligiga olib keladi. Bu uning jigardan tashqari ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavfidir.
- VGS ni aniqlash uchun qanday tahlillar topshiriladi va natijani qancha vaqt ichida olish mumkin?
Tahlil tezkor to‘plam yordamida 100% aniqlik bilan amalga oshiriladi. Buning uchun barmoqdan bir tomchi qon olish yetarli. Umuman olganda, mobil laboratoriya haqida gap ketmoqda. Natijani 5-7 daqiqada olamiz. Barcha natijalar kompyuterlashtiriladi va darhol ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Shu yo‘sinda millionlab insonlar kasallikning ushbu shakli borasida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin.
— O‘zbekistonda gepatit S ni to‘liq bartaraf etish dasturi amalga oshirilmoqda. Bu jarayon qanday ketmoqda?

Birinchidan, aholining ushbu kasallik haqida xabardorligini oshirish kerak. Ikkinchidan – skrining tizimini tashkil qilish zarur. Texnologiya mavjud, lekin uni joriy qilish kerak. Butun mamlakat bo‘ylab ma’lumotlar bazasini yaratish darkor, biz bu bilan ikki yildan beri shug‘ullanmoqdamiz.

Prezident qarori doirasida 500 ming kishini tekshiruvdan o‘tkazish uchun mablag‘ ajratildi. Ammo gumanitar yordam dori-darmonlari yetarli bo‘lgani uchun, endi biz yiliga 2-3 million odamni ko‘rikdan o‘tkazish darajasiga erishmoqchimiz. Bu yil ikki million, kelasi yili uch million. Masala – JSST 90-90-60 maqsadlariga erishishdir. Buning uchun bemorlarning 90 foizini aniqlash, ularni davolash va VGS asoratlari natijasida sodir bo‘lgan o‘lim darajasini 60 foizga kamaytirish kerak.
Biz gepatit S bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bir qatorda, milliy dastur doirasida jigar saratoni bo‘lgan gepatokarsinoma bo‘yicha ham erta skriningdan o‘tkazamiz. Chunki uning asosiy sababchisi gepatit V va S viruslari. Joriy yilning kuzidan boshlab shifokor-mutaxassislarni ultratovush diagnostikasini o‘tkazish bo‘yicha tayyorlashni boshlaymiz. Bu Gannover gepatologiya markazi bilan hamkorlikdagi yirik loyihadir. Ko‘pgina shifokorlar, gepatokarsinomani dastlabki davolab bo‘ladigan bosqichdaligida aniqlay olmaydilar.
— Qanday insonlarda kasallikni yuqtirish xavfi yuqoriroq va gepatit S yuqish yo‘llari qanday?
- Afsuski, birinchi bo‘lib shifokorlarda yuqtirish xavfi katta. Bundan tashqari, ko‘pincha ayollar, masalan, kosmetologlar va stomatologlar xizmatlaridan foydalanish jarayonida yuqtirishi mumkin. Ammo bugungi kunda gepatit S bilan kasallangan bemorlarning asosiy guruhi 2000-yillarda kasallangan bemorlardir. Hozirda, har holda Toshkentda, yangi kasallanish holatlari ancha kam.
Gap shundaki, o‘sha yillarda qon quyish amaliyoti xavfli bo‘lgan, tekshiruv usullarining sezgirligi esa 60% dan oshmagan.
- Gepatit S ni qayta yuqtirish mumkinmi?
- Mumkin. Ko‘pincha bularga belgilangan tavsiyalarga amal qilmagan bemorlar kiradi. Masalan, inyeksion giyohvandlik dardiga yo‘liqqanlar. Yaxshiyamki, ular tobora kamayib bormoqda. Bir safar bemorda hatto mutant-virusni aniqlaganmiz – bir virus hali organizmdan chiqib ketmagan, ikkinchisi esa allaqachon birinchi virusni qoplab olgan edi. Bizda bu borada ilmiy maqolamiz ham bor. Lekin bu, albatta, istisno holat.
Yangiliklar lentasi
0