TOShKENT, 18 dek — Sputnik. O‘zbekistonlik Umida Omonova shaxmatning blis yo‘nalishida Osiyo chempioniga aylandi. Bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabar berdi.
Ayni kunlarda BAAning Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda.
Musobaqada 41 ta davlatdan 650 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda.
“O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Umida Omonova blis yo‘nalishida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Davron Sharipov 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Malikaxon Jumayeva va Husnoraxon Husnitdinovalar 3-o‘rin sohibiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik Afruza Hamdamova Italiyada bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha bo‘lgan toifasida muddatidan avval jahon chempioni bo‘lgan edi.