TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Bugun Toshkentda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida ilmiy konferensiya o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Shu yilning 11 – 12-dekabr kunlari “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Konferensiyaning birinchi kunida — jadidchilik harakati g‘oyasi, maqsad va vazifalarini izchil o‘rganishda yangi insaydlar, harakatning ma’rifat va noshirlik sohasidagi hissasi, milliy davlatchilik shakllanishi bo‘yicha ijtimoiy-siyosiy sa’y-harakatlari, shuningdek, jadidlarning ilmiy va madaniy merosi, ularning tadqiqotlari borasida fikr almashiladi.
Tadbirning ikkinchi kunida — o‘zbekistonlik hamda chet ellik taniqli olimlar, tarix sohasi vakillari bilan davra suhbati o‘tkaziladi va u keng jamoatchilik uchun ham ochiq hisoblanadi.
Uchrashuvda olimlar Temur Xo‘jao‘g‘li, Adib Xalid, Hisao Komatsu, Zaynobiddin Abdirashidov va dunyo bo‘ylab mashhur tarixiy seriallar muallifi Mehmet Bo‘zdog‘ ishtirok etadi.