O‘zbekiston va Hindiston ishlab chiqaruvchi korxonalari hamkorligi muhokama qilindi

Hindiston Global biznes forumi rahbari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlar, jumladan, ichimlik mahsulotlari Hindiston bozorida raqobatbardosh ekanini qayd etdi.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, ichimlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari, Hindiston Global biznes forumiga (Global India Business Forum - GIBF) a’zo kompaniyalar vakillari ishtirokida onlayn anjuman o‘tkazildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, sanoat va ishlab chiqarish sohalarini izchil rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, ushbu yo‘nalishda xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar, chet el sarmoyadorlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar haqida batafsil so‘zlab berildi.
GIBF prezidenti Jitendra Joshi hindistonlik tadbirkorlar O‘zbekiston hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar jarayonini katta qiziqish bilan kuzatib borayotgani, o‘zbek hamkorlari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rayotganini ta’kidladi. Xususan, 2022 va 2023-yillarda tashkil etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi chog‘idagi uchrashuv va muzokaralar o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Hindiston Global biznes forumi rahbari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlar, jumladan, ichimlik mahsulotlari Hindiston bozorida raqobatbardosh ekanini qayd etdi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini kengaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
"Tandon Enterprises" kompaniyasi rahbari Pratul Tandon O‘zbekiston korxonalari bilan o‘rnatgan aloqalari va muvaffaqiyatli hamkorlik loyihalari, Hindistonga o‘zbek mahsulotlarini eksport qilish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Anjuman doirasida tomonlar o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashdi, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish istiqbollarini muhokama qildi.