TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Endi Haj tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Bu haqida prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjat korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida qabul qilindi.
Unga ko‘ra, shu yil 1-dekabrdan boshlab hududlar kesimida Haj tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladi.
Ro‘yxatdan ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami joy oladi.
Ma’lumot uchun, Haj tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilinishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritish taklifi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ilgari surilgan.