TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Slovakiya hukumatining Ukrainaga 40,3 million yevro miqdoridagi yangi harbiy yordamini bloklagani Kiyevning NATOdagi tarafdorlarining charchaganidan dalolat berdi. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi yozmoqda.
Nashrning yozishicha, Slovakiya hukumatining Ukrainaga raketa va o‘q-dorilardan iborat 43 million dollarlik yangi harbiy yordamini ajratishini bloklagani Ukraina Qurolli kuchlarining jangovar imkoniyatlarini sezilarli darajada o‘zgartira olmaydi.
Biroq bu qaror Kiyevning NATOdagi tarafdorlari o‘rtasida charchoq kuchayib borayotganining birinchi aniq belgisi bo‘ldi, deb ta’kidlaydi gazeta.
Qayd etilishicha, shu paytgacha Slovakiya Ukrainaning eng yirik qo‘llab-quvvatlovchilaridan biri bo‘lib kelgan va avvalroq umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq bo‘lgan 13 ta yordam to‘plamini ma’qullagan.
8 noyabr kuni Slovakiya hukumati Ukrainaga 40,3 million yevrolik yangi harbiy yordamini blokladi. Kiyevga qurol va o‘q-dorilarni berish taklifi Vazirlar mahkamasiga Slovakiya Mudofaa vazirligining sobiq rahbariyati tomonidan yuborilgan edi. 30-sentabr kuni respublikada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng “Yo‘nalish – Sotsial-demokratiya” partiyasi yetakchisi Robert Fitso boshchiligida vazirlar mahkamasi tuzildi. Mudofaa vazirligining avvalgi rahbariyati lavozimidan ozod etildi.
Fitsoning aytishicha, mamlakat bundan keyin Kiyevga milliy qurolli kuchlar omborlaridan harbiy yordam yubormaydi. Hukumat tomonidan yetkazib berilishi bloklangan yordam paketi 7,62 mm kalibrli 4 millionta o‘q, 125 mm kalibrli 5172 artilleriya snaradlari, “Kub” zenit-raketa tizimi uchun 140 ta raketa, 8 ta minomot va ular uchun 1,2 mingta snaradlardan iborat edi.