TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasida a’zo davlatlar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, keng miqyosda ularni modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlar shakllanmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan asosiy rol YeOIIga ajratilmoqda.
“Uning doirasida a’zo davlatlar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, keng miqyosda ularni har tomonlama modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlar shakllanmoqda. Yuzaga kelgan oddiy bo‘lmagan geosiyosiy sharoitlarda e’tibor texnologik suverenitetni ta’minlash, mustaqil moliyaviy infratuzilmani yaratish, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini oshirishga qaratilmoqda”, - dedi Rossiya prezidenti “Kazaxstanskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi. Moldova va Kuba ham kuzatuvchi maqomiga ega.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.