TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Maktab o‘quvchilari hunarmandchilik, ta’lim va san’at yo‘nalishlaridagi to‘garaklarga ko‘proq qatnashmoqda. Bu haqda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yo‘ldoshxo‘ja Akbarov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ta’lim muassasalari tomonidan bir qator darsdan tashqari mashg‘ulotlar va to‘garaklar tashkil etilgan.
"Hozirda respublika bo‘ylab barcha viloyat, shahar va tumanlarda jami 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 7 ta yo‘nalish bor. Yo‘nalishlarning xar birida 10 tadan oshiqroq to‘garak mavjud. Shunda umumiy 79 turdagi to‘garak bor. Mazkur to‘garaklardan o‘quvchilar uchun 10 472 ta guruh tuzilgan. Ularga 306 310 nafar o‘quvchi yoshlar jalb etilgan”, – dedi Akbarov.
Maktab o‘quvchilari eng ko‘p qatnayotkan to‘garaklar
© Sputnik
To‘garaklar yo‘nalishlar kesimida:
madaniyat va san’at – 1 516 ta to‘garak (42 636 kishi);
texnika, konstruktorlik va modellashtirish - 1 211 ta to‘garak (34 202 kishi);
jismoniy tarbiya va sport – 887 ta to‘garak (25 049 kishi);
hunarmandchilik va qo‘l mehnati – 2 807 ta to‘garak (87 596 kishi);
turizm va ekologiya – 1 160 ta to‘garak (35 128 kishi);
oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov kurslari – 2 147 ta to‘garak (59 653 kishi);
xorijiy tillar – 744 ta to‘garak (22 046 kishi).
Akbarovning ta’kidlashicha, hozir o‘quvchilar eng ko‘p qiziqish bildirayotgan yo‘nalishlar hunarmandchilik va qo‘l mehnati to‘garaklari, oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov to‘garaklari va madaniyat va san’at to‘garaklaridir.
Umumta’lim maktablarida 6 291 ta to‘garakka 185 097 nafar o‘quvchi yoshlar jalb etilgan bo‘lsa, mahallalarda 318 ta to‘garakka 8 614 nafar o‘quvchi qatnashmoqda.
Imkoniyati cheklangan (nogironligi bo‘lgan) bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus maktab internatlarda 361 ta to‘garak tashkil etilib, ularga 9 926 kishi jalb qilingan.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalarda 208 ta to‘garakka 5 546 nafar o‘quvchi yoshlar jalb etilgan bo‘lsa, mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida 58 ta to‘garakka 1 100 nafar yoshlar jalb qilingan.