TOShKENT, 24 okt — Sputnik. O‘zbekiston charm sanoati korxonalari Rossiyaning eng yirik poyabzal chakana savdo tarmog‘i “Kari”dan buyurtma qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan PQ-331-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatning tegishli idoralari O‘zbekistonga 30 dan ortiq poyabzal brendlarini jalb qilishi kerak. Unga ko‘ra, 2024-yilning iyun oyigacha "Adidas" (Germaniya), "Berkemann" (Germaniya), "Kari" (Rossiya), "Geox" (Italiya) va boshqa yirik poyabzal brendlari bilan muzokaralar o‘tkazish va soha korxonalariga buyurtmalar qabul qilish masalalarini muhokama qilish belgilangan.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat korxonalari 2023-yilda Rossiyaga mahsulot eksportini 1,4 barobarga oshirib, 60 million dollarga yetkazishi mumkin.
"Kari" 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u poyabzal, aksessuarlar va kiyim-kechaklarning xalqaro chakana savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaga sobiq “Eldorado” maishiy texnika va elektronika tarmog‘ining egasi Igor Yakovlev asos solgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda terini qayta ishlash va tayyor charm ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha ustida ish boshlagan edi.