TOShKENT, 17 okt — Sputnik.Tadbirkorlardan ayrim faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlisda ma’lum qilindi.
Deputatlar ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Qonun loyihasi bilan davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan jami 15 ta faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda.
Ular ichiga diplom, litsenziya, ruxsatnoma, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqalar kiradi.
“Shunga ko‘ra, 13 ta qonunga faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilmaslik bo‘yicha tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda”, — deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati Sputnik muxbiriga.
Bundan tashqari, advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori BHMning ikki baravaridan bir baravariga kamaytirish bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi quyidagilar uchun huquqiy asoslar yaratadi:
davlat xizmatlari sifatli ko‘rsatilishini ta’minlash;
turli toifadagi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
idoralarda fuqarolar haqidagi ma’lumotlar yagona identifikatorlar asosida saqlash.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.