TOShKENT, 6 okt — Sputnik. “O‘zbekkosmos” agentligi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu haqda agentlik Sputnik muxbiriga xabar berdi.
Kuni kecha “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga (IAF) to‘liq a’zolikka qabul qilindi. Federatsiyaga a’zolik agentlikka bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi.
“Endilikda Agentlikka federatsiya doirasida yetakchi kosmik davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari yaratilmoqda”, - deya ma’lum qildi agentlik Sputnik muxbiriga.
Shuningdek, moliyaviy imtiyozlar va bonuslar, federatsiyaning elektron kutubxonasidan bepul foydalanish va boshqa afzalliklar mavjud.
Bundan tashqari, agentlikka texnologiyalar transferi, yer va kosmik infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, kosmik monitoring bo‘yicha takliflar kelib tushdi, biroq muzokaralar hali ham davom etmoqda.
O‘zbekiston agentligining mazkur xalqaro tashkilotga kirishi Bokuda bo‘lib o‘tgan 74-Xalqaro astronavtika kongressida ma’lum bo‘ldi.
Xalqaro kosmonavtika federatsiyasi (IAF) xalqaro nodavlat, notijorat ilmiy tashkilot bo‘lib, koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish muammolari, shuningdek, huquqiy nuqtayi nazardan raketa va kosmik sanoati masalalari bilan shug‘ullanadi.
Tashkilot 1950-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro Astronavtika Kongressida 8 ta davlat: Avstriya, Argentina, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya vakillari tomonidan tashkil etilgan.