TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlarining (UQK) qarshi hujumi to‘xtab qoldi, Ukraina tomoni faqat askarlarning ruhiyatini saqlab qolish uchun bu haqiqatning aksini aytmoqda. Bu fikrni avstriyalik polkovnik va harbiy tahlilchi Markus Raysner Germaniyaning “n-tv” telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.
“Hamma narsa Ukraina hujumi to‘xtab qolganidan dalolat bermoqda”, — dedi Raysner. U AQSh Qurolli kuchlari (QK) shtab boshliqlari qo‘mitasi (ShBQ) raisi Mark Millining Ukrainaning joriy qarshi hujumda natija ko‘rsatishiga atigi 30-45 kun qolgani haqidagi bayonotlarini eslatib o‘tdi.
Shu nuqtayi nazardan, ekspertning ta’kidlashicha, “yomg‘irli mavsum boshlanishi va tuproq yuvilib ketishi tufayli vaqt omili Ukraina uchun noqulay vaziyatga aylanmoqda”.
Raysnerning tushuntirishicha, Ukraina tomoni va Vashington urushni o‘rganish instituti ISW (Institute for the Study of War) ekspertlarining ukrainaliklar olg‘a intilayotgani haqidagi so‘nggi bayonotlari asosan “askarlarning ruhiy holatini saqlab qolish”ga qaratilgan.
“Agar jang maydonidan olingan fotosuratlarga qaralsa, o‘tgan haftaga nisbatan sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni topib bo‘lmaydi”, — dedi harbiy. U, shuningdek, taxminan o‘n kun oldin harbiy mudofaa chizig‘idagi muvaffaqiyatlar “davomiy bo‘lmagani”, ya’ni Ukraina qo‘shinlari, avvalgidek, Rossiya mudofaasining birinchi va ikkinchi qatorlari orasida ekanligini qo‘shimcha qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilinishicha, Ukraina armiyasi 4-iyundan beri muvaffaqiyatsiz hujum urinishlarini amalga oshirmoqda. 12-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin UQK shu vaqt ichida 71,5 ming harbiy xizmatchi, 543 tank va deyarli 18 ming turli toifadagi zirhli texnikani yo‘qotganini ma’lum qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning qarshi hujumidan hech qanday natija yo‘q.