Jizzaxda qattiq maishiy chiqindi poligonlari quriladi

2024–2026 yillar davomida Jizzaxda qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash ko‘chma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish ishlari amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. 2024–2026 yillar davomida Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash ko‘chma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarda zamonaviy talablarga javob beradigan chiqindixonalarni qayta qurish ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
2021 yil 2-dekabr kuni Jizzaxda 2022–2026 yillarda chiqindi sohasini rivojlangan mamlakatlardagidek tashkil etish va rivojlantirish yuzasidan Janubiy Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti va Jizzax viloyati hokimligi o‘rtasida qo‘shma Memorandum imzolangan. Loyiha uchun 6,6 mln AQSh dollari miqdoridagi grant va 90 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilgan.
Ta’kidlanishicha, Sharof Rashidov tumanidagi chiqindilar poligonida 500 kVt-1 MVt quvvatiga teng chiqindi poligonlaridan chiqayotgan gazlarni yig‘ish inshooti va 500 kVt-1 MVt quvvatga ega elektr stansiyasiga ulanishi mumkin bo‘lgan chiqindi gaz yig‘ish tizimi quriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida 3 ta ekologik norma va sanitar talablarga javob beradigan qattiq maishiy chiqindi poligonlari, 5 ta hududda kompostlash va chiqindilarni saralash kompleksi hamda Zarbdor, Arnasoy, Paxtakor, Mirzacho‘l, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quriladi.