TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Moskvada Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va Misr erkin savdo zonasi to‘g‘risida bitim tuzishga oid muzokaralarning oltinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, ittifoqqa a’zo davlatlar va Misr o‘rtasida yaqin savdo-iqtisodiy aloqalar mavjud. Bu bugungi geosiyosiy jihatdan murakkab davrda ham tovarlarning keng turi bo‘yicha o‘zaro savdoni amalga oshirishga yordam bermoqda.
“Bo‘lajak kelishuv Misrni Afrikaga "darvoza" deb biladigan YeOII korxonalariga misrlik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun zarur asos yaratadi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, bitim mamlakatlar o‘rtasida investitsiyalar o‘sishiga ko‘maklashishi qayd etilgan.
Tomonlar muzokaralar yakunida katta imkoniyatlar yaratuvni bitimni imzolashga tayyorliklarini bildirishdi.
“Bitim loyihasi asosiy qismlari boblarini kelishish borasida sezilarli oldinga siljishga erishildi. Qolgan masalalarni sessiyalararo formatda tez orada ko‘rib chiqish xususidagi keyingi rejalar to‘g‘risida kelishib oldik”, - dedi YeIKing savdo siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Mixail Cherekayev.
Avvalroq Rossiya TIV iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Birichevskiy Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari YeOII bilan imtiyozli savdo-sotiq qilishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgan edi.
“Hozir Misr, BAA va Indoneziya bilan savdo-sotiqni liberalizatsiya qilish borasida rasmiy muzokaralar olib borilmoqda”, - degan edi diplomat.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega. O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.