TOShKENT, 10 avg — Sputnik. O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq jinoyatlar oqibatida 65 nafar yosh bola vafot etgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ertaga, 11-avgust kuni “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. U Toshkent shahar sudida soat 10.00 da boshlanadi. Unda “Quramax Medikal” MChJ direktori, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va boshqalarga (jami 21 kishi) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqiladi.
"Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra "Dok-1 Maks” bilan bog‘liq jinoyatlar oqibatida 65 nafar yosh bola vafot etgan", deyiladi xabarda.
Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 19 nafar bola vafot etganligi ma’lum qilingandi. SSV ishchi guruhi olib borgan dastlabki laborator o‘rganishlar “Dok-1 Maks” siropining tarkibida etilenglikol mavjudligini ko‘rsatgan. Bu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Dori savdosi esa to‘xtatilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi "Dok-1 Maks" bilan bog‘liq holat bo‘yicha “Quramax medical” va “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochgan.
Ko‘p o‘tmay prezident Shavkat Mirziyoyev Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Kariyevni ishdan ishdan oldi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova “Dok-1 Maks” dori vositasi 2012-yildan beri O‘zbekistonda qo‘llanib kelingani, lekin so‘nggi seriyasida uning tarkibidagi qo‘shimcha moddalardan biri o‘zgarganini ma’lum qildi.
Shu yilning 13-yanvar kuni Toshkent sudi “Quramax medical”ga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasini bekor qildi.