TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatda bo‘lib turgan ushbu tashkilot bosh kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Sergey Lebedevni qabul qildi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Uchrashuv avvalida MDH bosh kotibi Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidenti saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklagan.
Saylov xalqaro standartlarga to‘liq mos holda o‘tgani qayd etildi.
Saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi hamda ovoz berish natijalari aholi amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini keng qo‘llab-quvvatlayotgani va unga ishonishidan dalolat ekani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar MDH doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qilishdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlikning 40 dan ziyod bitimlarini imzoladi, 24 ta sohaviy organlariga qo‘shildi. Kuni kecha Toshkentda MDHga a’zo davlatlar saylov komissiyalari rahbarlari maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Uchrashuvda ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Respublika Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozongan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda saylovchilarning 79,88 foizi qatnashgan.