Hindiston aviakompaniyasi sentabrdan O‘zbekistonga aviaqatnovlar sonini oshiradi

Uchrashuvda xorij kompaniyasi vakillariga O‘zbekistonning turli yo‘nalishlardagi sayyohlik imkoniyatlari, xorijiy sayyohlik agentliklari uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Hindistonning “IndiGo” aviakompaniyasi joriy yilning sentabr oyidan Dehli – Toshkent – Dehli yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 4-marta muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston tomoni va Hindistonning “Wingspan” kompaniyasi vakillari o‘rtasida ikki tomonlama muloqot tashkil etildi.
Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov, “Wingspan” kompaniyasi raisi va ijrochi direktori Niraj Rati hamda tashkilot rasmiylari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda dastlab xorij kompaniyasi vakillariga O‘zbekistonning turli yo‘nalishlardagi sayyohlik imkoniyatlari, xorijiy sayyohlik agentliklari uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini Hindistonda keng targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida, xususan, Hindistondagi turli elektron platformalar orqali targ‘ibot ishlarini olib borish va kino sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlashdi.
Xorijiy tomon Hindistonning janubiy shtatlaridan ziyoratchilarni alohida charter reyslar orqali O‘zbekistonga safarlarini tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini kiritdi. Mazkur yo‘nalishda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan O‘zbekistonning tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishib olindi.
Niraj Ratining qayd etishicha, “IndiGo” aviakompaniyasi joriy yilning sentabr oyidan Dehli – Toshkent – Dehli yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 4-marta muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
Muzokaralar yakunida, Madaniyat va turizm vazirligi va Hindiston kompaniyasi muhokama qilingan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldi.