Ayrim tumanlardagi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilishi kutilmoqda

47 ta "sharoiti og‘ir" bo‘lgan tumanda tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini pasaytirish, foydalanilmayotgan obyektlar egalariga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanilishini bekor qilish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. O‘zbekistonning 11 ta viloyatidagi 47 ta "sharoiti og‘ir" bo‘lgan tumanida tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tegishli qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilishdi.
Hujjat bilan quyidagilar taklif etilmoqda:
“sharoiti og‘ir” bo‘lgan tumanlar uchun vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish;
foydalanilmayotgan obyektlar egalariga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanilishini bekor qilish;
davlat organlariga, muassasa va tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan va ular tomonidan boshqa tashkilotlarga ijaraga berilgan yerlarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish;
yerlardan kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda uy-joy egalari uchun uch karra oshirilgan stavkada yer solig‘ini hisoblash tartibi qo‘llanishini to‘xtatib turish;
elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlarini qo‘llab-quvvatlash orqali innovatsion texnologiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish.
Avvalroq O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘iga hisoblangan penya summalari hisobdan chiqarilishi xabar qilingan edi.
Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari berildi