Samarqanddagi gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi — tafsilotlar

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida yong‘in portlash sodir bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 10-may — Sputnik. Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Uning oqibatida bir nafar fuqaro tan jarohati oldi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Tumanning “Yangiobod” MFYda joylashgan aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida 9-may kuni soat 21:25 da yong‘in portlash sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borib, yong‘inni soat 22:30 qurshab olgan va soat 23:00 da bartaraf etgan.

“Yong‘in natijada gaz quyish shoxobchasi hududida bo‘lgan 3 ta “ISUZU” rusumli avtomashina va ularda sig‘imi 50 litrli suyultirilgan uglevodorod gazlari bo‘lgan ballonlar yonib zararlangan”, - deyiladi xabarda.

Hodisa shoxobchadagi “MAN” rusumli suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinadan gazni zaxira sig‘imiga bo‘shatish jaronida texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelganligi taxmin qilinmoqda.
Qayd etilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra hodisa oqibatida bir nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga FVV, IIB, SSB va tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.