TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbekistonda aprel oyida inflyatsiya 0,8 foizni tashkil etdi. Bundan Statistika agentligi ma’lumotlari darak bermoqda.
Qayd etilishicha, oxirgi besh yil ichida aprel oyidagi ko‘rsatkich faqat joriy yildagina past bo‘lgan.
Dastlabki to‘rt oyda rasmiy inflyatsiya 3,3 foizni, yillik inflyatsiya esa 11 foizni tashkil etdi. Natijada yillik ko‘rsatkich o‘tgan mart oyiga nisbatan 0,7 foizga pasaygan.
Bu davrda tovarlar bo‘yicha inflyatsiya 0,9 foizni, xizmatlar bo‘yicha esa 0,5 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, aprelda oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa 0,5 foizga oshgan.
Aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning o‘sishi bo‘yicha yana yetakchi bo‘ldi — 1,2 foiz.
Meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha baland narx mevalar va yong‘oqlar (11,5 foiz), sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkaklilar (17,6 foiz) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (5,6 foiz)da kuzatilgan.
Aprel oyida, yil boshidan beri birinchi marta sabzavotlar, ildizmevali va dukkakli ekinlar narxi 0,8 foizga pasaygan. Xususan, baqlajon (0,7 foiz), turp (1,4 foiz), qovoq (2,4 foiz), kartoshka (2,8 foiz), ko‘katlar (3 foiz), qalampir (4 foiz), piyoz (12,4 foiz) va bodring (52,9 foiz) narxi arzonlashgan. Shu bilan birga, lavlagi (4,1 foiz), sarimsoq (4,5 foiz), karam (7,8 foiz), sabzi (13,2 foiz), pomidor (21,3 foiz) va banan (39,6 foiz) qimmatlashgan.
Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash materiallari bo‘yicha narxlar 2,1 foizni tashkil etdi.
Uy-joy ijarasi aprel oyida 0,1 foizga past bo‘ldi. Turar joylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha inflyatsiya 2,1 foizga yetdi. Dori vositalari esa 1,9 foizni tashkil etdi.
Aprelda o‘tgan oydagi kabi benzin va propan narxlarida pasayish qayd etildi. Benzin narxlari 6,3 foiz darajasida, propan 7,1 foizda shakllandi.
Bu davrda havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘yicha o‘tgan oyga nisbatan inflyatsiya 2,7 foizni, temir yo‘l va avtomobil transportida esa 0,5 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning aprelida umumiy ovqatlanish sohasida inflyatsiya 0,9 foizni ko‘rsatdi.
Narx o‘sishi faqatgina mehmonxonalar xizmatlarida (0,4 foiz) qayd etilgan bo‘lsa, dam olish markazlari va sanatoriylar xizmatlari bo‘yicha narxlar joriy yilning martidagi darajada qoldi.