TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmaydi. Aksincha bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilmoqda.
Xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik hamda ota-ona o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri. Endi bu qoida bekor qilinmoqda, ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun prezident tomonidan imzolangandan so‘ng qonuniy kuchga kiradi.