TOShKENT, 15 mar - Sputnik. Suriya xalqi Rossiyani Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishda qo‘llab-quvvatlamoqda. Rossiya Federatsiyasi g‘alaba qozonganidan keyin dunyo xavfsizroq va tinchroq bo‘ladi, dedi Suriya prezidenti Bashar Asad RIA Novostiga bergan intervyusida.
“Albatta, Suriya xalqi bir qancha sabablarga ko‘ra Rossiyani katta ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Bir tomondan, bu birdamlik, chunki Rossiya Federatsiyasi terrorizmga qarshi kurashda suriyaliklarni qo‘llab-quvvatlagan, boshqa tomondan, bu mojaroga globalroq qarash mavjud: aynan mana shu mojaro butun dunyo muvozanatini o‘zgartira boshladi, chunki Suriya, Iroq va boshqa ko‘plab mamlakatlardagi azob-uqubatlarning bir qismi bir qutbli dunyo sabablidir”, — dedi Asad.
Unga ko‘ra, ko‘pchilik suriyaliklar maxsus harbiy operatsiyada Rossiya g‘alaba qozonishini istaydi.
“Rossiya Federatsiyasi bu mojaroda g‘alaba qozonsa, ko‘pchilik suriyaliklar orzu qilganidek, yangi dunyo albatta paydo bo‘ladi - xavfsizroq va tinchroq”, — dedi Asad.
Eslatib o‘tamiz, Bashar Asad Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan edi.
Rossiya maxsus operatsiyasi
Rossiya 2022-yil 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu operatsiyaning maqsadi "sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan DXR va LXR fuqarolarini himoya qilish" deb atagan.
Buning uchun Ukrainani demilitarizatsiya (harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish) va denatsifikatsiya (millatchilik g‘oyalaridan tozalash) qilish talab etiladi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar oldida Donbassni ozod qilish va Rossiya xavfsizligini kafolatlash turibdi.