TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston arxeologlari O‘rta Osiyo hukmdori, sarkarda Amir Temur Oltin O‘rda xoni To‘xtamish ustidan g‘alaba qozongan jang maydonining aniq joyini aniqlash niyatida. Bu haqda Samara universiteti matbuot xizmati RIA Novostiga xabar berdi.
Bu yil Samara viloyatida Rossiya o‘rta asrlari tarixidagi eng muhim voqealardan biri –Amir Temur qo‘shinlari va Oltin O‘rda xoni To‘xtamish o‘rtasidagi jangning aniq joyini aniqlash bo‘yicha yirik xalqaro arxeologik loyiha boshlanmoqda.
“Olimlar hali jang maydoni qayerda joylashganligini aniqlay olishmadi, bu haqda turli xil taxminlar mavjud. Loyiha doirasida biz qazishmalar davomida tegishli artefakt-dalillarni topib, uzoq yillik ilmiy tortishuvlarga chek qo‘yish orqali ushbu tarixiy sirni ochishimiz kerak”, deydi Samara universiteti arxeologiya ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi rahbari Sergey Zubov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha besh yilga mo‘ljallangan. Mazkur muddat davomida Amir Temur va To‘xtamishning harbiy yurishlarini batafsil o‘rganish, arxeologik tadqiqotlar va Samara viloyatining turli hududlariga ekspeditsiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Universitetimiz olimlaridan tashqari loyihada Tatariston Fanlar akademiyasining Tarix instituti va Arxeologiya instituti, Qozon, Qo‘rg‘on va Boshqird davlat universitetlaridan hamkasblar, shuningdek, Samarqand davlat universiteti va Samarqand arxeologiya instituti ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Eron va Isroil arxeologlari ham ushbu loyihaga qiziqish bildirishdi”, deydi Zubov.
Ta’kidlanishicha, loyihada arxeolog va tarixchilardan tashqari, Samara universitetining kimogarlari, optik fiziklari, geofiziklari, biologlari va boshqa ilmiy yo‘nalishlari mutaxassislari ham ishtirok etadi.