TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Tatariston rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Uchrashuv Qozon shahridagi Tatariston rahbari qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.
Rustam Minnixanov o‘z so‘zida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro hamkorlikning yuqori darajasini qayd etdi. Savdo hajmi ortib bormoqda, qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Biz Rossiya-O‘zbekiston do‘stona munosabatlari doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yuqori baholaymiz. Bunda davlatlarimiz prezidentlarining xizmatlari alohida”, - deydi Rustam Minnixanov.
Ergash Saliyev, o‘z navbatida, Tatariston bilan hamkorlikni yanada har tomonlama rivojlantirishdan ham manfaatdor ekanligini bildirdi.
Jizzax viloyati hokimi Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi
© Jizzax viloyati hokimligi
Jizzax viloyati hokimi Tataristonga tashrifi doirasida Innopolisga ham tashrif buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Tatariston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Shayxutdinov bilan uchrashgan edi. Unda Tatariston tomoni viloyat bilan avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishga va hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan edi.