Yakuniga yetayotgan 2022-yil O‘zbekiston qonunchiligida qator muhim huquqiy hujjatlar bilan yodda qolmoqda. Yangi mehnat kodeksi, inson a’zolari transplantatsiyasi, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga olib qo‘yish to‘g‘risidagi qonunlar shular jumlasidan.
Sputnik yil davomida qabul qilingan eng muhim 10 ta qonun haqida hikoya qiladi.
1. Tergov jarayonida shaxs qadr-qimmati kamsitilsa, unga yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi
2022 yilning 29-martida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab berilishi belgilab qo‘yildi.
2. “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun
Qonunda quyidagi tushunchalar foydalaniladi: kiberjinoyatchilik, kibermakon, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya, kiberhujum. Qonun 8-bob va 40-moddadan iborat.
Shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlashning quyidagi asosiy prinsiplari belgilangan:
qonuniylik;
kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishning ustuvorligi;
kiberxavfsizlik sohasini tartibga solishga nisbatan yagona yondashuv;
kiberxavfsizlik tizimini yaratishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokining ustuvorligi;
O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik uchun ochiqligi.
Kiberxavfsizlik sohasidagi yagona davlat siyosatini O‘zbekiston prezidenti belgilaydi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Kiberxavfsizlik subyektlari tomonidan kiberxavfsizlik hodisalariga nisbatan choralar ko‘rish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
dasturiy ta’minotdagi va qurilmalardagi zaifliklarni hamda xatoliklarni bartaraf etish;
zararli dasturlarni yo‘q qilish, ularning tarqalishini cheklash, kiberhujumlar manbaini texnik jihatdan cheklash;
axborotlashtirish obyektlarini mavjud kibertahdidlardan ajratib qo‘yish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiberxavfsizlik hodisalari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etish.
3. “Reklama to‘g‘risida”gi qonun
Qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan qonun bilan quyidagilar taqiqlandi:
ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;
narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;
milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;
energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televidenie va radio orqali reklama qilish;
tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish.
Yangilangan “Reklama tili” moddasiga ko‘ra, avvalgidek, ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari hamda logotiplar asl tilda ko‘rsatilishi mumkin. Reklamaning o‘zi davlat tilida tarqatilishi shart.
Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining 1 soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Davomiyligi 10 daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yish va reklama bilan birga namoyish etish taqiqlandi.
4. “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun
Qonunga muvofiq, inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini retsipiyentlarga transplantatsiya qilish inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
Qonunga ko‘ra, inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi. Tirik donorni undan a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan retsipiyent uchun donor bo‘lishi mumkin emas. Transplantatsiya qilinadigan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
Quyidagilarga nisbatan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi:
18 yoshga to‘lmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
homilador ayollarga;
shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
muayan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarga;
“Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi shaxslarga;
a’zosi va (yoki) to‘qimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.
5. “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun
Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari uchun kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilandi.
Qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati aniq qilib ko‘rsatilgan. Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan ta’qiqlandi.
Shuningdek, buzilishga tushgan hududda joylashgan yerga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lmay turib, 15-yil davomida ko‘chmas mulkka halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslarga ham ushbu ko‘chmas mulk obyekti uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk obyekti qiymatining o‘rni qoplanishi qonuniylashtirildi.
Yer uchastkasi olib qo‘yilganligi munosabati bilan huquq egasiga noqulayliklar keltirib chiqarilganligi uchun kompensatsiya sifatida yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martali to‘lov amalga oshiriladi.
6. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun
Qonun bilan davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi.
Davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taqiqlandi. Davlat xizmatchisi daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya berishi kerak.
Shu bilan birga davlat xizmatchisiga o‘z rahbarining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish, korrupsiya haqida xabar berganda davlat himoyasida bo‘lish huquqi berildi.
Davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi. Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi hamda 27 kundan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til belgilandi.
Davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan bo‘shatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qo‘llaniladi.
7. “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun
Qonun bilan ko‘chmas mulkning qanday turlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Hujjatga muvofiq, yer uchastkalari, binolar, inshootlar, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar, mulkiy majmua sifatidagi korxonaga nisbatan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, ijara, ikkilamchi ijara, xo‘jalik yuritish, operativ boshqaruv, ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish, bepul foydalanish huquqlari, renta, ipoteka, servitut hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarga qo‘yilgan cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildini shakllantirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
yer uchastkalarining belgilanganligi (realizatsiya qilinganligi);
binoning, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;
belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan obyektning mavjudligi;
ko‘chmas mulkning bo‘linganligi;
ko‘chmas mulkning birlashtirilganligi.
8. “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan mehnatga oid munosabatlar tartibga solindi, unga zamon talabidan kelib chiqqan holda yangi normalar ham kiritildi.
Kodeksga ko‘ra, mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari etib belgilandi.
Hujjatga muvofiq, davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.
Kodeksda mehnat shartnomasiga ayrim normalarni kiritish taqiqlandi, ayrim toifadagi aholi ishga kirishda sinov muddatidan ozod qilindi, ishdan bo‘shatish nafaqasi xodimning stajiga bog‘lab qo‘yildi.
Shuningdek, homilador ayollarga qo‘shimcha bo‘sh kunlar berilishi, qonuniylashgan masofadan ishlash tartibi, ommaviy ishdan bo‘shatish mezonlari aniqlashtirildi.
9-10. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hamda Andijon suv ombori bo‘yicha kelishib oldi
30 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022-yil 3-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022-yil 3-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar tasdiqlandi.
Chegara to‘g‘risidagi bitimda o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo‘lgan chizig‘i belgilandi. Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston 4485 gektar, Qirg‘iziston 19699 gektar hududni oldi.
Suv ombori to‘g‘risidagi bitim bilan chegaradagi uzoq yillik nizo yechimini topdi. Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim 11 ta moddadan iborat. Unda Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha Qo‘shma komissiya (O‘zbekistondan – suv xo‘jaligi vaziri) tuzildi va uning faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Bitimga muvofiq O‘zbekiston suv sathini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan sathda ushlab turish, Qirg‘iziston fuqarolarining suv ombori suviga erkin kirishi va undan foydalanishini ta’minlash, atrofida muhandislik-texnik inshootlarni o‘rnatmaslik majburiyatlarini oldi. Qirg‘iziston tomoni suvni muhofaza qilish zonalari o‘rnatilishi, undan foydalanish rejimiga rioya etilishini ta’minlash majburiyatlarini oldi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston suv omborining xavfsizligini ta’minlaydi, ekspluatatsiya qiladi, texnik xizmat ko‘rsatadi, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgan limitlar doirasida suv chiqaradi.