Jiddiy qayta ko‘rishga muhtoj – Senat IIV tayyorlagan qonunni rad etdi

© Press-slujba Senata Oliy MajlisaSenat otklonil zakon, podgotovlenniy MVD
Senat otklonil zakon, podgotovlenniy MVD - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.12.2022
Obuna bo‘lish
Senat “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunda boshqa qonun hujjatlaridagi normalarga zid bandlar borligini aniqladi.
TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Bugun Oliy Majlis Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Uni Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarish, mazkur jabhadagi munosabatlarni to‘liq tartibga solishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqqan.
Qonun 8 ta bob va 88 ta moddadan iborat. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mutaxassislar uni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ko‘rsatgani qayd etildi.
Senatorlar fikricha, qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, jumladan huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan qoidalarga nomuvofiq, hatto ba’zi o‘rinlarda zid va qarama-qarshidir.
Birinchidan, qonunning 19-moddasida sog‘liqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasida alkogol va tamaki mahsulotlari, iste’mol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogol ta’sirida mast holatda bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish belgilab berilmoqda.
Yalpi majlis davomida muhokama qilingan boshqa bir ya’ni, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda esa yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etish subyektlari sifatida belgilangan.
Har ikkala qonundagi mazkur o‘zaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarurligiga, ya’ni, voyaga yetmaganlar va yigirma bir yoshgacha bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozimligi qayd etildi.
Ikkinchidan, qonunning 3-moddasida “voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs” tushunchasiga voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni ta’minlash, tarbiyalash va unga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs deb ta’rif berilmoqda.
Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar zimmasiga o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan. Shu boisdan qonunda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs bo‘yicha berilayotgan tushunchaning Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Uchinchidan, qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirishning shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilmoqda. Amaldagi normalarda esa rasmiy ogohlantirishning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Biroq, qonunda ushbu vakolatning nima uchun Hukumatdan vazirlikka olib berish ko‘zda tutilayotganini mutaxassislar ham, qonun tashabbuskorlari ham dastlabki muhokamalarda asoslab bera olmagan.

“Holbuki, bunday yondashuv teng maqomdagi vazirlik va idoralar uchun bir vazirlik tomonidan umummajburiy bo‘lgan protsessual yoki rasmiy tusga ega hujjat shakli tasdiqlanishiga olib kelishi ustuvor normalarga mutlaqo ziddir”, - deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Qolaversa, qonunning 32-moddasida Bosh prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organi etib belgilanmoqda.
Senatorlar bu qonun jiddiy qayta ko‘rib chiqishga muhtoj ekani va uning hozirgi holatda ma’qullanishi amaliyotda samaradan ko‘ra, ko‘proq muammo tug‘dirishini ta’kidlashdi va rad etishdi.
Yangiliklar lentasi
0