Bir qator tumanlarda huquqiy eksperiment tariqasida “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi
© Pexels / Mikhail NilovNalogi
© Pexels / Mikhail Nilov
Obuna bo‘lish
2023 yil 1-yanvardan soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etiladi.
TOShKENT, 27 dek — Sputnik. O‘zbekistonning 14 ta tumanida huquqiy eksperiment tariqasida “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan PQ–458-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etiladi.
“Mahalla budjeti” tizimi tashkil etiladigan hududlar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumani;
Andijon viloyatining Andijon tumani;
Buxoro viloyatining Olot tumani;
Jizzax viloyatining Zomin tumani;
Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani;
Navoiy viloyatining Karmana tumani;
Namangan viloyatining Uychi tumani;
Samarqand viloyatining Urgut tumani;
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani;
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani;
Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumani;
Xorazm viloyatining Bog‘od tumani;
Toshkent shahrining Uchtepa tumani.
Mazkur tumanlarda mol-mulk va yer solig‘i (noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha tuman budjetlari orqali tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.
2023 yil 1-martgacha mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan, to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan mahallalar real vaqt rejimida foydalanishi imkoniyati yaratiladi.
“Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi.