TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Bugun ertalab Omskdan (Rossiya) O‘zbekiston sharqidagi Namanganga uchgan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi reysi tuman tufayli Toshkentga yo‘naltirildi. Bu haqda RIA Novosti agentligi O‘zbekiston poytaxti aeroporti vakiliga tayanib, xabar berdi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY-9810 Omsk-Namangan reysi aeroportdagi quyuq tuman tufayli Toshkentga yo‘naltirildi”, - deydi manba.
Uning aniqlik kiritishicha, laynerning qo‘nishi normal rejimda amalga oshirilgan. Hozir havo sharoiti imkon bersa, samolyot Namanganga uchishga hozirlanmoqda.
“Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, faqatgina Omskdan kelgan reys Namangan aeroportiga qo‘na olmay boshqa aerodromga yo‘naltirilmagan.
Namangandagi meteorologik sabablarga ko‘ra havo kemalarini xalqaro aeroportga qabul qilish va jo‘natish vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan.
Xususan, “Jazeera Airways” aviakompaniyasining Quvaytdan Namanganga yo‘l olgan J9645 reysi Qirg‘izistonga yo‘naltirilgan. Samolyot Bishkek aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 09:31 da qo‘ngan.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining soat 05:50 ga belgilangan HY9825 (Namangan – Sochi) reysining uchishi esa kechiktirilgan. Samolyot Namangan aeroportida ob-havo sharoiti yaxshilanishini kutmoqda, shundan so‘ng u belgilangan manzilga uchib ketadi.
Dubaydan mahalliy vaqt bilan soat 01:20 da uchib kelishi kerak bo‘lgan “Flydubai” aviakompaniyasining FZ781/782 yo‘lovchi reysi Namangandagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli uchish aeroportida ob-havo sharoiti yaxshilanishini kutmoqda.
“Namangan aeroportida ob-havo sharoiti asta-sekin yaxshilanmoqda. Aeroport yaqin bir necha soat ichida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishi mumkin”, - deyiladi kompaniya xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 12-dekabr kuni Moskvadan Qarshiga uchgan samolyot quyuq tuman sabab Samarqand aeroportiga qo‘ndirilgandi.