TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Turkiya Qurolli Kuchlarining Suriya shimoli va Iroqdagi havo operatsiyasi ma’lumotlari Amerika tomonidan qo‘lga kiritilgani tufayli bir kun oldinga ko‘chirildi. Bu haqda “Yeni Şafak” gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
“Yeni Safak” nashri tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya avval yakshanba oqshomiga belgilangan edi. Biroq, operatsiya haqida ogohlantirilgan AQSh rasmiylari shifrlangan xabarni oldindan o‘qishga erishgach, amaliyot bir kun oldinga ko‘chirildi. Turkiya Qurolli Kuchlari diqqatini bir necha oydan beri Iroq shimolidagi operatsiyalarga qaratgani bois, Suriyada bunday keng ko‘lamli operatsiya kutilmagan edi. Biroq, “hammaning o‘yinini barbod qilgan” reja yordamida nishonlarni bir vaqtning o‘zida ikki nuqtaga (Suriya va Iroq shimolida) zarba berish mumkinligi ko‘rsatildi”, - deb yozadi RIA Novosti turk nashriga asoslanib.
Avvalroq Turkiya Mudofaa vazirligi Suriya va Iroq shimolidagi havo operatsiyasi chog‘ida 89 ta nishon yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi.
Anqara yakshanba kuni Suriya shimolida taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasining (KIP) Suriya qanotiga qarshi havo operatsiyasi o‘tkazdi. Iroq shimolidagi kabi Kobani shahriga ham zarbalar berilgani xabar qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 13-noyabr kuni Istanbul markazidagi Istiqlol piyodalar ko‘chasida portlash sodir bo‘lgandi. Oqibatda olti kishi halok bo‘ldi, 81 kishi jarohatlandi. Teraktni uyushtirishda gumonlangan Axlam Albashir qo‘lga olindi, u “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga (KIP, Turkiyada terrorchilik tashkiloti deb topilgan) aloqadorligini tan olgan. Turkiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, terakt uyushtirish topshirig‘i Suriyaning Kobani shahridan kelgan.