TOShKENT, 29 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yil 1-yanvardan boshlab maxsus tezkor va profilaktik tadbirlarda aniqlangan odam immun tanqislik virusi/ orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OIV/OITS) infeksiyasi bilan kasallanganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni g‘ayriixtiyoriy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bu Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan va muhokamaga qo‘ygan tegishli qaror loyihasida ko‘zda tutilgan.
Maxsus-profilaktik tadbirlar davomida ahloqqa zid bo‘lgan huquqbuzarliklar (rag‘batlantirish evaziga intim xizmat ko‘rsatuvchilar, jinsiy erkinlikka va ahloqqa qarshi, tanosil yoki OIV/OITS infeksiyasini tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlar)ni sodir etilishi mumkin bo‘lgan obyektlarda ishlovchilar va tashrif buyuruvchi shaxslar xavfli guruh sanaladi.
Ta’kidlanishicha, xavfli guruhga kiruvchi va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxsning OIV/OITS infeksiyasiga tekshiruvlari bunday kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda boshqa shaxslarga yuqishini oldini olish, aholi o‘rtasida OIV infeksiyasi tarqalishini kamaytirish, ularni barvaqt aniqlash hamda boshqa shaxslarga yuqishini oldini olish maqsadlarda o‘tkaziladi.
OIV/OITS infeksiyasi bilan kasallanganlikda gumon qilinayotgan shaxsni g‘ayriixtiyoriy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli moliya yilida sog‘liqni saqlash uchun davlat budjetidan ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Sog‘likni saqlash vazirligi “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun bilan ajratiladigan mablag‘lar doirasida OIV/OITS infeksiyasi bilan kasallanganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni budjet mablag‘lari hisobidan g‘ayriixtiyoriy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘ ajratilishini ko‘zda tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikada 45 ming nafar odamlar OIVga chalingan. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar, 14 foizini esa 18 yoshga to‘lmagan bolalar tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 1-sentabrdan fohishalik bilan shug‘ullanganlarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga gepatit V va S ga skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Tekshiruv ularning o‘z hisobidan amalga oshiriladi.