“Mir” kartalari tez orada Hindistonda ishga tushadi

Milliy to‘lov tizimlarini ishga tushirish masalasi yaqinda Moskvada bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvlarda muhokama qilingandi.
Sputnik
TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Hindiston va Rossiya tez orada bir-birlarining "Mir" va RuPay to‘lov tizimlarini tan olishlari mumkin. Bu haqida Deccan Herald nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“Ikki davlatning milliy to‘lov infratuzilmasi doirasida RuPay va Mir kartalarining o‘zaro qabul qilinishi Rossiyadan Hindistonga va Hindistondan Rossiyaga tashrif buyuruvchilarga kartalar yordamida muammosiz to‘lovlarni amalga oshirishni osonlashtiradi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumki, to‘lov tizimlarini tan olish masalasi 17-18 avgust kunlari Hindiston milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Dovalning Moskvaga tashrifi davomida muhokama qilingan.
Ajit Doval tashrif davomida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va Rossiya hukumatining boshqa rasmiylari bilan uchrashgandi.
Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida Visa va Mastercard xalqaro tizimlari Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgandi. Rossiya banklari tomonidan chiqarilgan mazkur kartalar odatdagidek ishlashda davom etmoqda, biroq transchegaraviy operatsiyalar va xorijiy onlayn-do‘konlarda xaridlar mavjud emas.
Bu ikki mamlakatga tashrif buyuruvchi hind va rossiyalik sayyohlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish yoki bankomatlardan pul yechib olishda qiyinchiliklar tug‘diradi.