TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Zaporojye atom elektr stansiyasini o‘qqa tutish Ukraina Qurolli kuchlarining 44-artilleriya brigadasi harbiylari tomonidan amalga oshirildi. Bu haqda Zaporojye viloyati ma’muriyati vakili Vladimir Rogov ma’lum qildi.
“Kim aniq o‘q uzgani va zarba bergani (Zaporojye AESda) allaqachon aniqlangan. Bular Ukraina Qurolli kuchlarining 44-artilleriya brigadasi terrorchilari, Zelenskiyning jangarilari. Ular Nikopoldan 152 millimetrli qurollardan Zaporojye atom elektr stansiyasini maqsadli ravishda o‘qqa tutgan”, dedi Rogov “Rossiya 24” telekanali efirida.
Zaporojye AES Dneprning chap qirg‘og‘ida, Energodar shahri yaqinida joylashgan. Bu bloklar soni va o‘rnatilgan quvvati bo‘yicha Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. Stansiyada oltita energiya bloki o‘rnatilgan.
Zaporojye AES mart oyidan beri Rossiya harbiylari tomonidan qo‘riqlanadi. Maxsus operatsiya boshlanganidan beri Ukraina qo‘shinlari atom elektr stansiyasi hududiga bir necha bor hujum qilishga uringan.
5 avgustdan boshlab o‘qqa tutilish tez-tez kuzatilgan. Zarbalar oqibatida yadroviy reaktorlar zarar ko‘rmagan bo‘lsada, AESning atrofdagi infratuzilmasi, suv basseynlari jiddiy zarar ko‘rgan. Raketa bo‘laklari AESning energiya bloklaridan 400 metr masofada qulab tushgan.
O‘qqa tutilgandan keyin ikkita energiya bloki to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. MAGATE rahbari Rafael Grossi Zaporojye AESning o‘qqa tutilishidan xavotir bildirdi.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7-avgust kuni Ukraina artilleriyasi Zaporojye atom elektr stansiyasini yana o‘qqa tutgan - yuqori voltli liniya shikastlangan, shaxsiy tarkib ikkita energoblokning quvvatini kamaytirishga majbur bo‘lgan.