O‘zbekistonda OIV va gepatitlarni aniqlaydigan testlarni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

“Rossa” kompaniyasi OIV, B va S gepatitlari, inson papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlash uchun PZR test tizimlarini taqdim etdi.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg — Sputnik. O‘zbekistonda OIV, B va S gepatitlari, inson papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlash uchun polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) test tizimlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Ularni ishlab chiqish bilan tibbiyot, veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalari uchun biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Rossa” kompaniyasi shug‘ullanadi.
Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat komissiyasi kompaniyada bo‘lib, u yerdagi ishlar bilan tanishdi.
2021-2022 yillardagi pandemiya davrida kompaniya SES ehtiyojlari uchun koronavirus tashxisini qo‘yish uchun 3,8 million PZR testini yetkazib berdi.
Bu, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqarilgan diagnostika vositalariga ichki talabni qisman ta’minlashga, ikkinchidan, bitta test narxini 2021-yilda 30 ming so‘mgacha, 2022-yilda esa 27 ming so‘mgacha kamaytirishga imkon berdi.
“Shuningdek, Hukumat komissiyasi a’zolariga kompaniyaning yangi ishlanmalari, shu jumladan OIV, B va S gepatitlari, inson papillomavirusi, sil, gerpes va boshqa infeksiyalarni aniqlash uchun PZR test tizimlari taqdim etildi”, - deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan boshlab har yili 1 million nafargacha aholi virusli gepatit “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda.