TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Moskvada mamlakat va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida yuzaga kelgan mojaroli vaziyatni nazoratga oldi va Rossiyaning tegishli tuzilmalari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Bu haqda “Dunyo” AA elchixona bayonotiga tayangan holda xabar bermoqda.
Diplomatik missiya ma’lumotiga ko‘ra, 1-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00 da politsiya Shelepixinskaya naberejnayada joylashgan 34/7-uy hududida fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro haqida xabar olgan.
Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan politsiya xodimlari ehtimoliy noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olgan. Jabr ko‘rganlar yo‘q. Mojaro ishtirokchilari surishtiruv ishlarini o‘tkazish uchun hududiy ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan. Ushbu mojaro maishiy sabablar tufayli yuzaga kelgan, deya ta’kidlamoqda konsullik bo‘limi vakillari.
Hibsga olinganlar "mayda bezorilik" moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Sud organlari fuqarolarni ma’muriy hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ichki ishlar xodimlari sudga huquqbuzarlarni Rossiya hududidan chiqarib yuborishga oid hujjatlar tayyorlamoqda.
Elchixona OAV xabarlarida mojaroda 120 ga yaqin kishi ishtirok etgani to‘g‘risida tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan. Chunki bir guruh shaxslar yaqin atrofda bo‘lib, mojaroni kuzatib turgan.