TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Xorazm viloyati Hazorasp tumani hokimining o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Departamentning Hazorasp tuman bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda Hazorasp tuman hokimining o‘rinbosari U.A. mansab mavqeyidan foydalanib, fuqaroga "Qirtepa" mahallasi hududida noqonuniy qurilgan turar joy binolarini buzmaslik va bu mahalladagi tuman xokimligi zaxirasidagi 18 sotix yer maydonini turar joy qurish uchun ajratib berishni va’da qilgani aniqlangan.
Amaldor xizmati evaziga fuqaro I.dan 12 ming dollar pora talab qilib olgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Mirishkor, Guliston tumanlari va Jizzax shahri hokimlari o‘rinbosarlari pora bilan qo‘lga tushishgan edi.