TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Oliy Majlis Senati gaz ballonlari o‘rnatilgan transportlarning xavfsizligi bo‘yicha hukumatga so‘rov yuboradi. So‘rovni tayyorlash to‘g‘risidagi masala 1-fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yil davomida respublika bo‘yicha gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash va 2 ta yong‘in chiqish sodir bo‘lgan. Ularda 9 kishi jarohatlangan va 14 kishi halok bo‘lgan.
Shuningdek, yig‘ilishda avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari ko‘plab uchrayotgani qayd etildi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, gaz ballonlarini avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagan. Gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilgani to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari ham bor.
So‘rov yuborish masalasi 3-fevral kuni o‘tkaziladigan Senatning 23-yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.