TOShKENT, 27 yanv – Sputnik. Rossiyaning “RJD Logistika” vaO‘zbekistonning “UTI Transit” kompaniyalari “RZDL TRANSSERVICE GROUP” MChJ nomli qo‘shma korxona tashkil qilishdi.
Qo‘shma korxona O‘zbekiston hududida joylashgan bo‘ladi va Moskva–Toshkent–Moskva, Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston, Qozog‘iston – O‘zbekiston – Qozog‘iston; Moskva – Toshkent – Dushanbe yo‘nalishlarida mijozlar va yuklar sonini oshirishga xizmat qiladi, - deyilgan xabarda.
Undan tashqari yangi qo‘shma korxona Xitoydan Afg‘oniston va Pokistonga ochilayotgan yangi transport koridorlarida ishtirok etadi.
Qo‘shma korxona faoliyati doirasida “RJD Logistika” Moskva hududidagi temiryo‘l terminallarida yuklarni qabul qilish va jamlash, Rossiya va Qozog‘iston hududida fitting platformalari, avtonom refrijeratorli konteynerlar taqdim etish va servis xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
“UTI Transit” ham ushbu kabi xizmatlarni O‘zbekiston hududida ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Kelajakda yo‘nalishlar va xizmatlar sonini oshirish tomonlar kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi.
"Ishlab chiqaruvchilar tomonidan talab doimiy ravishda o‘sib bormoqda va bizning vazifamiz – “Agroekspress” loyihasi doirasida sifatli logistik yechimlar taqdim etish. Ushbu maqsadda biz o‘zimizning texnik imkoniyatlarimizni ham doimiy ravishda yaxshilab bormoqdamiz. Xususan 2021-yilda bizning kompaniyamiz avtonom refkonteynerlar sotib oldi va bu yil biz ularning sonini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqchimiz. Undan tashqari RJD logistika o‘simlik moyini fleksitanklarda jo‘natishni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu qo‘shma korxona davlatlarimiz orasida yuk tashishni oshirish hamda yuk yetkazib berishning ishonchli va optimal narxli kanalini ishga tushiradi” – dedi “RJD Logistika” AJ bosh birektori Dmitriy Murev.
Eslatib o‘tamiz RJD va O‘TY kelishuvlariga asosan 2021-yilda ilk bor “Agroekspress” loyihasi ish boshlagan edi. Unga ko‘ra agrosanoat kompleksi yuklari temir yo‘l transportida juda tez fursat ichida Rossiyadan O‘zbekistonga va O‘zbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladi. Birinchi marotaba ana shunday poyezd o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida Moskva – Toshkent – Moskva yo‘nalishida qatnov amalga oshirgan edi.
Bugungi kunda ana shunday qatnovlarni oyiga 2 marotaba tashkil etish va 40 ta qirq futli avtonom refrijeratorli konteynerlar hajmiga yetkazish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
Undan tashqari Rossiya va O‘zbekiston hududlari orasida Rossiyadan haftasiga 5 yevrofura va O‘zbekistondan haftasiga 7 yevrofura miqdorida avtomobilda yuk tashish tashkillashtirishga kelishib olingan.