O‘zbekistonda elektron sigaretani taqiqlash taklif qilinmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 30 mingga yaqin kishi aynan chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufayli olamdan o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” partiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Deputatlarning barchasi qonun loyihasida elektron sigaretalarni taqiqlash bo‘yicha qat’iy cheklov kiritishni taklif qilgan.
“Dunyoning 32 mamlakatida elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak. Mutaxassislar uning genofondga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda. Partiyamiz ham ushbu masalani muntazam ko‘tarib keladi. Kim nima desa desin, ushbu qonun loyihasiga elektron sigaretalarni qat’iy taqiqlash bo‘yicha cheklov kiritilmas ekan, biz ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshi ovoz beraveramiz”, — dedi partiya rahbari Alisher Qodirov.
Ushbu taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, qonun loyihasi qo‘mitaga qaytarilgan.
Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 30 mingga yaqin kishi aynan chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufayli olamdan o‘tadi. Yaqin yillarda bu raqam ikki baravarga ortishi mumkin.

Qayd etilishicha, mamlakatdagi jami erkaklarning 23 foizi, ayollarning 1 foizi chekuvchilardir.

Partiya tegishli idoralar bilan hamkorlikda 2019-yilda maktablarda o‘tkazgan reydlari davomida 110 nafar o‘quvchi yonidan nikotinli snyuslar topilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020-yilda 270 tani tashkil qildi. Ularni iste’mol qiluvchilarning eng yoshi 5-sinf o‘quvchilari ekani aniqlangan.
O‘zbekistonda chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarining aniq ro‘yxati tuziladi