O‘zbekiston Parij-2024 Olimpiada o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘radi

Parijda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga o‘zbekistonlik sportchilarni kompleks tayyorlash choralari ko‘riladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 noya– Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil Parijda (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqladi. Tegishli qarorni davlat rahbari 5-noyabr kuni imzoladi.
Maqsadli ko‘rsatkichlar quyidagilarni nazarda tutadi:
Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha 244 ta dasturda ishtirok etish hamda 26 ta sport turi bo‘yicha 103 ta litsenziyani, shu jumladan 8 ta istiqbolli olimpiya sport turlari bo‘yicha (badminton, stol tennisi, qoyani zabt etish, suv polosi, sinxron suzish, suvga sakrash, ot sporti, triatlon) 31 ta dasturda ishtirok etish va litsenziyalarni qo‘lga kiritish;
Paralimpiya o‘yinlari bo‘yicha 476 ta dasturda ishtirok etish hamda 12 ta sport turi, shu jumladan bochcha, parastol tennisi, parakamondan otish, paravelosport bo‘yicha jami 105 ta litsenziyani qo‘lga kiritish.
Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun talabgorlar o‘rtasida ayol sportchilar ulushini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi. Bunda, ularning erkak sportchilar sonidan farqi +/-3 foizgacha bo‘lishini ta’minlanadi.
Prezident paralimpiyachilar va qiz sportchilar sonini oshirishni topshirdi
2022/2023 o‘quv yilidan olimpiya zaxiralari sportchilarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasalarida ayollar uchun qabul kvotalari oshiriladi.
Milliy terma jamoalar sportchilarining yil davomida doimiy uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, xalqaro musobaqa va turnirlarda muntazam ishtiroki ta’minlanadi. Malakali mahalliy va xorijiy trenerlar hamda boshqa mutaxassislarni jalb qilinadi.
O‘yinlarga tayyorgarlik doirasida sportchilar va murabbiylarga har oylik stipendiya to‘lanadi. Milliy terma jamoalar sportchilari, trenerlari va boshqa mutaxassislari uchun har oylik stipendiyalar, bir martalik to‘lanadigan pul mukofotlari, qimmatbaho sovg‘alar va boshqa yordam ko‘rinishida olinadigan to‘lovlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi va ularga ijtimoiy soliq hamda sug‘urta badallari hisoblanmaydi.
Prezident Olimpiada chempionlarini va ularning ota-onalarini tabrikladi
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalari (kuboklari) g‘oliblari hamda sovrindorlari, shuningdek, sportchilarni tayyorlagan trenerlar, shifokorlar va boshqa sport mutaxassislarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida rag‘batlantirishning zamonaviy tizimi joriy qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tokio-2020 Olimpiadasida 3 ta oltin, 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Respublika medallar bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rin, MDHda 2-o‘rin, Osiyo mamlakatlari ichida 5-o‘rin, butun dunyo bo‘yicha esa 32-o‘rinni egalladi.
Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medalga sazovor bo‘lishdi. Bu mamlakatning musobaqalarni umumjamoa hisobida 162 delegatsiya orasida 16-o‘rinda yakunlashiga imkon berdi.