TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Prezident sifatida qasamod qabul qilgan Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish xususida to‘xtaldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning o‘zi, islohotlar mantig‘i talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surilgan — bu konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, agar dunyo tajribasiga nazar tashlansa, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘rish mumkin.
“Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak”, - dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan. Konstitutsiya muqaddima, olti bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat. Shu kunga qadar resupblika konstitutsiyasiga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida 14 ta qonun qabul qilingan.