TOShKENT, 7 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil dekabrida Janubiy Koreyaga rasmiy tashrif bilan borishni rejalashtirmoqda. Bu Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekiston rahbariga yo‘llagan qutlovidan ma’lum bo‘ldi.
Koreya yetakchisi Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga muvaffaqiyatli qayta saylangani bilan qutlagan. U kelgusi besh yilda Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga umid bildirgan.
“Siz va rafiqangiz bilan joriy yil dekabr oyida Koreyada uchrashishimni orziqib kutmoqdaman”, - deyiladi Mun Chje In qutlovida.
Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In 2019-yil 18-21 aprel kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi. Unga qadar 2017-yil 22-25 noyabr kunlari Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi amalga oshirilgan edi.