TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon”* harakati og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli mamlakatda xorijiy valyutadan foydalanishni taqiqladi. Bu haqda harakat vakili Zabihulloh Mujohid ma’lum qildi, deya yozadi RIA Novosti.
“Islom Amirligi barcha afg‘onlarga, do‘konlar egalariga, tadbirkorlarga moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda faqat afg‘oniydan foydalanishni va xorijiy valyutani ishlatmaslikni buyuradi”, - deb yozgan Mujohid Twitter’dagi sahifasida.
Farmonga ko‘ra, qoidabuzarlar javobgarlikka tortiladi.
Ta’kidlanishicha, xorijiy valyutaning qo‘llanishi iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday yo‘qotishlar mamlakatning har bir kishisiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Avvalroq Tolo News telekanali Afg‘oniston markaziy banki AQSh dollarini tejash maqsadida xorijdan pul o‘tkazmalarini faqat milliy valyutada berish to‘g‘risidagi farmonni qabul qilgani haqida xabar bergandi.
Toliblarning Afg‘oniston hukumatini egallab olishi
Avgust oyi o‘rtalarida "Tolibon"* a’zolari mamlakat poytaxti Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab olishdi.
31 avgustga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Kobul aeroportini batamom tark etishdi va bu bilan Afg‘onistondagi qariyb 20-yillik amerika kampaniyasi o‘z yakuniga yetdi.
Jangarilar Afg‘onistonning muvaqqat hukumati tarkibini e’lon qildi.
Muvaqqat hukumatni "Tolibon"* birinchi bor hukumat tepasiga kelganida TIV rahbari kursisini egallagan va hozirga qadar BMT sanksiyalari ostida qolib kelayotgan Muhammad Hasan Oxund boshqarishi ma’lum bo‘ldi.
* Rossiyada va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti.