TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida jihodchilar diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda
Ma’lum qilinishicha, o‘zaro yig‘inlar vaqtida ular jihodchilar oqimi g‘oyalari yo‘g‘rilgan audio-video ko‘rinishdagi materiallarni tinglab, tomosha qilishgan. Hijrat va jihod qilishga xayrixohlik bildirishgan.
Guruhning 1969–1995 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 12 nafar a’zosi orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar bor.
Guruh a’zolarining yashash manzillari ko‘zdan kechirilganda xotirasida diniy mazmundagi audio-video materiallar bor uyali aloqa vositalari va fleshkartalar aniqlangan. Shuningdek, nashriyoti ko‘rsatilmagan kitoblar topilgan. Ular ekspertiza o‘tkazish uchun rasmiylashtirib olingan.
Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.