O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l orqali mahsulot yetkazib berishni 1 mln tonnaga yetkazmoqchi

Sardor Umurzakov Maksim Reshetnikov hamraisligida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 okt – Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l orqali mahsulot yetkazib berishni 2030-yilga borib 1 mln tonnagacha yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo yig‘ilishida ma’lum qildi.
O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘zaro savdoni rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari muhokama qilindi.
Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi “Agroekspress” noyabr oyida yo‘lga qo‘yiladi
Bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar borligi qayd etildi. Jumladan, sovutgichli vagonlardan tashkil topgan temir yo‘l poyezdlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jadal yetkazib berish bo‘yicha “Agroekspress” loyihasi O‘zbekiston-Rossiya savdosini rivojlantirish drayveriga aylanishi mumkin.
Loyiha doirasida O‘zbekistondan yangi uzilgan meva va sabzavotlarni birinchi marta yetkazib berish joriy yilning noyabr oyi o‘rtalariga rejalashtirilgan.
“Bizning mushtarak maqsadimiz 2030-yilga borib mamlakatlarimizga temir yo‘l orqali 1 mln tonna mahsulot yetkazib berishdir”, - dedi Rossiya vaziri.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston 624,9 mln dollarlik 1,1 mln tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan. Shundan 289 ming tonnasi Rossiyaga jo‘natilgan.