TOShKENT, 25 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30-yilligi munosabati bilan IIV xodimlariga yo‘llagan tabrigida Ichki ishlar organlarini "xalqchil tuzilmaga aylantirishga yo‘naltirilgan islohotlar davom ettirilishini" ta’kidladi.
Mirziyoyevning qayd etishicha, istiqlolning ilk davrida tashkil topgan ichki ishlar organlari o‘tgan sinovli yillar davomida mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tib, xalqning chinakam tayanchi va himoyachisi sifatida shakllandi.
So‘nggi besh yilda ichki ishlar tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, quyi bo‘g‘in bo‘linmalari natijadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda “fuqarobay”, “oilabay” va “mahallabay” ishlar olib borilmoqda.
Hududiy bo‘linmalarning tezkorligini oshirish va ularning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash uchun sohaga 2016-2021 yillarda qo‘shimcha 3,5 mingga yaqin yangi transport, 16 mingdan ortiq maxsus va texnik vositalar ajratildi.
Mutaxassislar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, xodimlarning malakasiga qarab xizmat bo‘yicha o‘sishini ta’minlash, shuningdek, rahbarlarning professional salohiyatini oshirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
O‘tgan besh yil mobaynida 500 dan ortiq ichki ishlar xodimlari va harbiy xizmatchilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Xizmat xususiyatidan kelib chiqib, alohida sharoitlarda o‘z vazifalarini bajaruvchi 25 mingdan ortiq xodimlarning oylik maoshlariga ustama haqlar belgilandi. 7 246 nafar xodimlar xizmat uylari bilan ta’minlandi, shuningdek, imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilgan ko‘pqavatli uylardan 2 ming 300 ga yaqin xonadonlar ajratildi.
Sohaga ilg‘or tajribalar va ish usullarini, innovatsion-raqamli texnologiyalarni keng joriy etish lozim. Xodimlarning intellektual va kasbiy salohiyati, ma’naviy-ma’rifiy saviyasi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularning mashaqqatli va fidokorona mehnatini munosib qadrlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanishi talab etiladi.
O‘zbekiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar organlarini aholiga va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, bu tizimni chin ma’noda xalqchil tuzilmaga aylantirish borasidagi islohotlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.
"Men Yangi O‘zbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari – Vatanimizning asl o‘g‘lonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, ma’naviy va ma’rifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor xalqimizning chin ma’nodagi himoyachilari ekaningizga qat’iy ishonaman. Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilalaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", - deya o‘z tabrigini yakunlagan Mirziyoyev.