Rio-2016 sovrindori Diyorbek O‘rozboyev doping sabab 3-yilga sportdan chetlatildi

Dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosida taqiqlangan modda “Meldonium” aniqlangan.
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori va Osiyo o‘yinlari g‘olibi Diyorbek O‘rozboyevdan olingan doping-sinamada taqiqlangan modda aniqlandi. Bu haqda Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 6-may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan.
Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etilgan, ya’ni “Meldonium” taqiqlangan moddasi iste’mol qilinganligi aniqlangan.
Bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev to‘rt yilga sportdan chetlatildi
Natijada Diyorbek O‘rozboyev 3-yil muddatga sportdan chetlatilgan. Chetlatish 2021-yil 16-avgustdan 2024-yil 15-avgustga qadar etib belgilandi.
Dzudochi xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum etilgan.
Avvalroq 2021-yilning 9 oyida o‘zbekistonlik sportchilardan 7 nafarida doping aniqlangani xabar qilingan edi.