Afsonaviy bokschi Rufat Risqiyevga yangi 3 xonali uy qurilyapti

Afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev yil yakunigacha yangi uyga ko‘chib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 15 okt — Sputnik. “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan jahonga mashhur bo‘lgan afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev yil yakunigacha yangi uyga ko‘chib o‘tadi, deb xabar qildi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston boks federatsiyasining bosh homiysi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Rufat Risqiyevga yangi xonadon qurish ishlari boshlandi.
“Toshkent yo‘lbarsi”: afsonaviy o‘zbek bokschisi Rufat Risqiyev 72 yoshga to‘ldi
“Loyihaga ko‘ra, Rufat akaning xonadonidagi bo‘sh yer maydoniga u kishi uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy 3 xonali uy qurib beriladi. Reja bo‘yicha yangi uy yil yakunigacha qurib bitkaziladi va afsonaviy bokschi unga ko‘chib o‘tadi”, - deyilgan xabarda.
Rufat Asadovich Risqiyev 1974-yilgi jahon chempionatida zafar quchib, dunyo birinchiligida g‘alaba qozongan ilk o‘zbek bokschisi bo‘lib tarixda qoldi. Shuningdek, Rufat Asadovich 1976-yilgi Olimpiya o‘yinlari finalchisi ham ekani yaxshi ma’lum. 2019-yildan e’tiboran boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi ishtirokchisiga Rufat Risqiyev sovrinini topshirish joriy etildi.