TOShKENT, 12 okt – Sputnik. Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan ma’qullangan COVID-19 ga qarshi vaksinalar bilan emlangan xorijliklar Umra ziyoratini amalga oshirishlari mumkin. Bu haqda 10-oktabr kuni “Gulf Business” nashri xabar bermoqda.
Saudiya Arabistoniga “Pfizer/BioNTech”, “Oxford-AstraZeneca” yoki “Moderna” vaksinasining ikki dozasini, yoki “Johnson & Johnson” vaksinasining birinchi dozasini olganlar kiritiladi. Hozircha aynan shu vaksinalar Arabiston hukumati tomonidan ma’qullangan.
Podshohlik SSV mamlakatga “Sinopharm” yoki “Sinovac” bilan emlanganlar ham mamlakatga kirishi mumkinligini ma’lum qildi, biroq Arabiston hukumati tomonidan ma’qullangan qo‘shimcha vaksinani olish kerak bo‘ladi.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda aholi koronavirusga qarshi “AstraZeneca”, ZF-UZ-VAC2001, “Sputnik V”, “Moderna” va “Pfizer/BioNTech” vaksinalari bilan emlanmoqda. Tez orada Turkiyadan “Sinovac” vaksinasi ham keltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoniga kirish 2020-yil fevrali oxirida koronavirus pandemiyasi sabab vaqtincha cheklangan edi. Ketma-ket ikki yil boshqa mamlakatlar qatorida Markaziy Osiyo ziyoratchilari Hajga bora olishmadi.